Olislarda Yig’layotgan bolalik

By Alisher OBIDOV …, in 1994

Hammasi yozuvchi Tohir Malikning «Alvido bolalik» kitobini o'qigandan so'ng boshlandi. Har doim qishning uzun kechalari allamahalgacha bolalik haqida o’ylaydigan odat chiqardim. Bolalik mening tasavvurimda beg'ubor va to’pori hayot gavdalanadi. Har bir inson dunyoga kelibdiki, u yashashga mahkumdir. U qiyomat ato etgan umrning quvonchli va tashvishli onlarini boshidan kechirishi tayin. Ana shu onlarni eslashda bevosita xotiraga murojaat qiladi. Shunda beixtiyor xotiralar ibtidosida baxtiyor bolaligini eslayveradi. Bolalik kim uchundir mo’jiza, kim uchundir ertakdek kechadi. Tezroq katta bo'lishni istardik. Ertaklarga ishonardik. Biz «urush- urush» o’ynardik, biroq dunyoda haqiqiy urush borligini bilmasdik, yog'och miltiqchalari bilan bir-birimizni otardik, o'lardik, biroq haqiqiy o'lim borligini bilmasdik. Odamlar tug'ilaversa er yuziga sig'maydi deb o'ylardik. Biz beg'ubor va baxtiyor bolalar edik. Har qanday sharoit bilan hisoblashmay, xohlagan ishimizni qilardik, yomon va yaxshining farqiga bormasdik. Dunyodagi barcha odamlarni yaxshi ko'rardik. Ertadan kechgacha qishloqning qumloq ko'chalarida qumga belanib to'p tepardik, birimiz «Pele», birimiz «birodar» edik. Biz bolalar ulg'aygan sayin sharoitga qarab ish tutishni o'rgatishdi. Falonchidan uzoqroq yur deyishdi, yomon, bu yaxshi deyishdi. «Yomonlarga» yaqinlashmadik. Ulg’aygan sayin biz ham odamlarni toifalarga ajrata boshladik. Bolalik esa shirin xotira bo'lib qolaverdi. Xayollarim ichra unsiz yig’layotgan bolaligim, seni sog'indim. Bolalik qaytib kelmaydi, u mangu manzillarga ravona bo'ldi. Uni qaytarib bo'lmaydi. Shirin- shirin orzular vatani, sof ko'ngillar vatani, men seni sog'indim